Joriy yilning 13 iyun kuni Soliq qo`mitasi raisining birinchi o`rinbosari Mubin Mirzaev va Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) rektori Komiljon Karimov o`rtasida uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda qo`mita matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuvda ilg`or bilim va malakaga ega mutaxassislarni tayyorlashda ikki tomonlama hamkorlikni yo`lga qo`yish masalalari muhokama qilindi.
Soliq xizmati xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash uchun TXVUning salohiyatidan foydalanish imkoniyatlari ko`rib chiqildi.
Konstruktiv muloqot natijasida hamkorlikning asosiy yo`nalishlari bo`yicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunlari bo`yicha Soliq qo`mitasi va Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti o`rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ikkala tomon ham uzoq muddatli va samarali hamkorlikdan manfaatdor ekanligini ta`kidladi.
Ma`lumot uchun: Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti Londondagi Vestminster universiteti bilan hamkorlikda 2002 yil 16 yanvarda tashkil etilgan. TXVU Markaziy Osiyodagi Buyuk Britaniya malakalari bo`yicha g`arbiy uslubda ta`lim beradigan birinchi xalqaro universitet hisoblanadi.