AsosiyDunyo

Alisher Usmonov UBS Europe bankini sudga berdi

'Alisher Usmonov UBS Europe bankini sudga berdi'ning rasmi

USM Holdings asoschisi, milliarder Alisher Usmonov Frankfurt Mayn hududiy sudiga UBS Europe SE bankiga qarshi da`vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda tadbirkorning advokat Stefani Rabenau “Kommersant” nashriga xabar berdi.

Da`vogarning fikricha, 2018–2022 yillarda bank Germaniya moliya organlariga shubhali moliyaviy operasiyalarni amalga oshirgani haqida “bir qator asossiz xabarnomalar” yuborgan. Bu esa Alisher Usmonovga qarshi “siyosiy sabablarga ko`ra surishtiruvlar” o`tkazilishiga turtki bo`lgan.

Advokat Rabenauning ta`kidlashicha, UBS banki Germaniyadagi Bojxona bosh boshqarmasining moliyaviy monitoring bo`limiga “o`ndan ortiq absurd va asossiz xabarnomalar” jo`natgan. Ular orasida naqd pul echib olish va ijara to`lovlarida “pul yuvish” da`volari bor.Shu bilan birga, bank o`z shubhalarini tasdiqlovchi hech qanday fakt keltirmagan, deya qayd etadi advokat.

Bundan tashqari, 2022 yilda UBS bankining xabarnomalari Germaniyada Alisher Usmonovga qarshi surishtiruv boshlanishiga sabab bo`lgan. Milliarderning Bavariyadagi ko`chmas mulki va “Dilbar” yaxtasida tintuvlar o`tkazilgan. Mazkur tergov va tintuvlar ommaviy axborot vositalarida yoritilgan va tadbirkorga nisbatan sanksiyalarni kengaytirish uchun ishlatilgan.

“Bank xizmatlari shartnomasi va bank sirini saqlash qoidalariga zid ravishda UBS mijozlar ma`lumotlarining maxfiyligini buzgan, yolg`on bayonotlar tarqatgan, shuningdek, umumiy shaxsiy huquqlarni qo`pol ravishda buzgan.

Bank tomonidan shartnomaning buzilishi Usmonovning obro`siga katta miqdorda zarar etkazilishiga va moliyaviy yo`qotishlarga olib kelgan. Aslida, UBS begunoh shaxsni qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortishni, shuningdek, mijoziga nisbatan sanksiya qo`llashni qo`zg`atgan va yordam bergan”, — deydi  advokat.

Tadbirkorning vakili Piter Gauvayler etkazilgan zarar miqdorini hozircha baholash yoki yakuniy aniqlash mumkin emasligini qo`shimcha qildi.

    Boshqa yangiliklar