Prezident Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya Shimoliy Koreyaga qurol etkazib berishi mumkin. Bu G`arbning Ukrainani qurollantirish harakatiga javob bo`ladi. Rossiya rahbari Shimoliy Koreyaga borib, mudofaa shartnomasini imzolagan. Bu haqda Putin Vetnamdagi matbuot anjumanida ma`lum qildi.
G`arb davlatlari Moskva va Pxenyan aloqalaridan xavotir bildirib keladi. Putin shu oy boshida Rossiya G`arb dushmanlarini qurol bilan ta`minlashi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Chunki G`arb Ukrainani yuqori aniqlikdagi qurollar bilan qo`llab-quvvatlab, Rossiya ichidagi nishonlarga o`t ochishga ruxsat bergan. Shunday qilib, Putin Shimoliy Koreya Rossiya qurollarini oluvchi davlatlardan biri bo`lishini aytib o`tdi.
"Men Pxenyanda ham biz dunyoning boshqa mintaqalariga qurol etkazib berish huquqini saqlab qolishimizni aytdim. Shimoliy Koreya bilan kelishuvlarimizni hisobga olsak, buni ham istisno qilmayman", — degan u.
Shuningdek, bunday bayonot Janubiy Koreyaning Ukrainaga qurol etkazib berish jarayoniga to`g`ri keldi. Putin Janubiy Koreya Kievga qurol etkazib berishga qaror qilsa, "katta xatoga yo`l qo`yishi"ni va Moskva bunday harakatga Seul uchun og`riqli tarzda javob berishini aytdi.
Putin Vetnamdagi jurnalistlar bilan o`tgan matbuot anjumanida yadro doktrinasini qayta ko`rib chiqayotganini ma`lum qilgan. Chunki uning potensial dushmanlari yadro qurolidan foydalanish chegarasini pasaytirish bilan bog`liq yangi elementlar ustida ishlayotganini aytdi.