O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Uttar-Pradesh shtatida sodir bo`lgan fojia oqibatida ko`plab insonlar halok bo`lgani va jarohat olgani munosabati bilan Hindiston Respublikasi Prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modiga ta`ziya yo`lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari qurbonlarning oila a`zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etib, jarohatlanganlar tez fursatda sog`ayib ketishini tiladi.
Ma`lumot uchun, Hindistonning Uttar-Pradesh shtati Hatras okrugidagi diniy yig`inda yuz bergan tiqilinchda kamida 121 kishi halok bo`ldi, 31 kishi jarohat oldi.
Fojia Phulrai Mughal Garhi qishlog`ida sodir bo`lgan, u erda o`n minglab odamlar voiz Bhole Babani tinglash uchun to`plangan. Polisiya hisobotiga ko`ra, ruxsat etilgan sig`im 80 mingga yaqin bo`lgan bo`lsa ham, yig`inda 250 mingga yaqin odam qatnashgan.
Shifokorlarning agentlikka aytishicha, o`limlarning aksariyatiga bo`g`ilish sabab bo`lgan. Qurbonlar orasida 112 ayol va etti bola bor.