O`zbekistonda ro`yxatdan o`tish talablarini to`liq bajargan 805 688 nafar abiturientga test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berildi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi xabar berdi.
2024/2025-o`quv yilida oliy va professional ta`lim muassasalariga qabul qilish bo`yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun 894 279 nafar abiturient ro`yxatdan o`tgandi. Ularning 410 415 nafarini (46 foizi) joriy yil bitiruvchilari, 483 865 nafarini (54 foizi) esa avvalgi yillarda bitirgan abiturientlar tashkil etdi.
Ro`yxatdan o`tish talablarini to`liq bajargan 805 688 nafar abiturientga test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berildi. 2023 yilda bu ko`rsatkich 948 486 nafarni tashkil etgan.
Test sinovlarida ishtirok etishi belgilangan abiturientlarning 422 399 nafarini xotin-qizlar (52,4 foiz), 383 288 nafarini erkaklar (47,6 foiz), tashkil etadi.
Joriy yilda 489 118 nafar abiturient test sinovida ishtirok etish uchun belgilangan to`lovdan ozod etilgan.
Doimiy yashash hududi bo`yicha eng ko`p
- Samarqand viloyatida 95 979 nafar,
- Qashqadaryo viloyatida 92 636 nafar,
- Farg`ona viloyatida 79 808 nafar abiturient ro`yxatdan o`tgan.
Abiturientlarning 46 244 nafari alohida iqtidor talab etiladigan ta`lim yo`nalishlariga, 12 851 nafari oliy harbiy ta`lim muassasalariga o`qishga kirish istagini bildirgan.
Ro`yxatdan o`tishda 22 632 nafar abiturient chet tilidan xalqaro sertifikat yuklagan bo`lib, ulardan 20 063 tasining haqiqiyligi tasdiqlandi, 2 569 ta sertifikatning haqiqiyligi tasdiqlanmadi. Bundan tashqari 30 637 nafar chet tilidan, 20 684 nafar umumta`lim fanlaridan milliy sertifikatga ega abiturient ro`yxatdan o`tgan.
Ma`lum qilinishicha, bu yilgi test sinovlarini sifatli tashkil etish va o`tkazish uchun binolar optimallashtirilib, hozirda 73 ta yopiq turdagi katta sig`imli bino test sinovlariga tayyorlanmoqda. Ularda bir smenada 1 176 ta guruhda, 35 280 nafar, bir kunda esa 70 560 nafar abiturient test sinovida ishtirok etishi va test sinovlarini 12 kun davomida o`tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Test sinovlarini adolatli va shaffof o`tkazish maqsadida keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o`tkazish orqali 2 690 nafar guruh nazoratchi tanlab olindi. Bundan tashqari gapirish va eshitishda nuqsoni bo`lgan abiturientlarga amaliy yordam ko`rsatish maqsadida 139 nafar surdotarjimon jalb etiladi.






