Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda “King Long” rusumli avtobusning yoʻl harakati qoidalarini qoʻpol ravishda buzib, xavfli holatni keltirib chiqarganligi aks etgan video tarqalib, keng muhokamalarga sabab boʻlgan edi.
Mazkur holat yuzasidan "Toshshahartransxizmat" AJ, Transport nazorati inspektsiyasi rahbariyati tomonidan tanqidiy muhokama oʻtkazilgan.
Oʻrganish davomida ushbu xatti-harakatni 58-sonli avtobus haydovchisi F.S. sodir etganligi ma'lum boʻlgan. Ushbu haydovchi oʻz xizmat vazifasini suiste'mol qilib, qoʻpol qoidabuzarlik sodir etganligi, shahar koʻchalarida qarama-qarshi harakatlanib xavfli monovrlarni amalga oshirganli va "avariya" holatini keltirib chiqarganligi aniqlangan. Natijada mazkur haydovchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Ma'lumot oʻrnida, qoʻpol qoidabuzarlik sodir etgani uchun mehnat shartnomasi bekor qilingan haydovchilarning elektron bazasi, yani, "Qora roʻyxat"i joriy etilgan boʻlib, unga koʻra ushbu haydovchilar avtobus saroyi filiallariga qayta ishga olinmasliklari qat'iy belgilangan. Shu kunga qadar, ushbu roʻyxatga kiritilgan haydovchilar soni 197 nafarni tashkil etmoqda.
"Bundan tashqari, qoidabuzarlik chogʻida nafaqat oʻzining balki boshqa yoʻl harakati ishtirokchilarining ham hayotini xavf ostiga qoʻyganligi sababli, haydovchi F.S.ni haydovchilik guvohnomasidan maxrum qilish yuzasidan Jinoyat ishlari sudiga maxsus taqdimnoma kiritildi",- deyiladi xabarda.