Tojikiston Islom markazi Ulamolar kengashi milliy libosga oid maxsus fatvo chiqardi. Unda aytilishicha, tojik milliy liboslari “hanafiylik talablariga to‘liq mos keladi”, shu bois mamlakat aholisiga “ma’lum maqsadlarda targ‘ib qilinadigan madaniyat va dinga yot” kiyimlarni kiyishdan saqlanish tavsiya etiladi.
Ulamolar kengashining yozishicha, so‘nggi paytlarda tojik milliy liboslari musulmonlar hijobi me’yorlariga muvofiqligi borasida tortishuvlar avj olgani va “asossiz” da’volar paydo bo‘lganligi sababli, boshqarma ushbu masala bo‘yicha fatvo chiqarishga qaror qilgan.
Hijobdan tashqari ayollarga tor, shaffof, qora yoki ochiq kiyim kiyish tavsiya etilmaydi.
“Islom dinining kiyim kiyishning o‘ziga xos qoidalari bor, lekin kesimi va rangiga hech qanday cheklov qo‘ymaydi, shuning uchun dinimizda milliy rangdagi kiyim kiyish joiz.
Ammo dinimiz nuqtayi nazaridan farz bo‘lmagani, milliy xususiyatlarimiz va geografik sharoitimizga to‘g‘ri kelmasligi sababli ayollarga qora kiyim kiyish tavsiya etilmaydi. Bundan tashqari, tor yoki ochiq kiyim kiymaslik kerak”, - deyiladi fatvoda.
Fatvoda erkaklar kiyimi haqida ham shunday deyilgan: “erkaklarning tanasi kindikdan tizzagacha yopilgan bo‘lishi kerak”.
Fatvo 5 banddan iborat. Yuqoridagilardan tashqari, islom shariati va hanafiylik harakati qoidalariga ko‘ra, ayollar kiyimi tojiklar asrlar davomida kiyib kelgan ro‘mol, ko‘ylak va shimlardan iborat ekanligi ham qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, mamlakat prezidenti Imomali Rahmon mart oyida musulmon ayollarning boshini yopadigan ro‘mol o‘rashini “yot madaniyatga taqlid qilish” deb atagan edi. Davlat rahbari ruhoniylarga bir oy ichida “bu masala bo‘yicha o‘z fikrini aniqlash”ni topshirdi, biroq qaror hozircha qabul qilindi.
Tojikistonda bir oy avval, 2024 yil iyunida “milliy madaniyatga yot” kiyimlar taqiqlangan edi. Qonun loyihasini Oliy Majlisga Imomali Rahmonning o‘zi kiritgan.