Buyuk Britaniyaning Sautport shahrida bolalar klubiga pichoq bilan hujum qilinganidan so‘ng tartibsizliklar boshlandi. Bu haqda "Anadolu Agency" xabar berdi.
O‘ng ekstremistlar keltirib chiqargan tartibsizliklar vaqtida 39 nafar politsiyachi jarohat oldi. Ulardan 27 nafari shifoxonada, deb xabar berdi mintaqaviy tez yordam xizmati. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, zobitlarning suyaklari singan, miyasi chayqalgan va boshqa jarohatlar olgan. Norozilik munosabati bilan politsiya bir kun davomida gumondorlarni qidirish va hibsga olish uchun kengaytirilgan vakolatlarga ega bo‘ldi.
Tartibsizliklar bolalar raqs studiyasiga pichoq bilan hujum uyushtirilgani va uch qiz halok bo‘lganidan keyingi kun boshlangan. Qoidabuzarlar mahalliy masjid va politsiya xodimlariga g‘ishtlar otgan, mashinalar va chiqindi qutilarini yoqib yuborgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizlikda asosan o‘ta o‘ng islomofob “Ingliz mudofaa ligasi” guruhi a’zolari qatnashmoqda.
Hujum Hart Space Studious binosida, 6 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun yoga va raqs bo‘yicha master-klass o‘tkazilayotganda sodir bo‘ldi. Halok bo‘lganlar soni 3 nafarga yetdi.
Qo‘shni Benks shahrida yashovchi 17 yoshli yigit hujum qilishda gumonlanib hibsga olingan. Politsiyaning aytishicha, u yolg‘iz harakat qilgan va hujum terrorizm bilan bog‘liq emas. Huquq-tartibot idoralari xodimlari gumonlanuvchi Britaniyada tug‘ilganini bildirdi.