AsosiyJamiyat

90 ming dollar pora bilan ushlangan Kogon tumani prokurori 15 yilga qamaldi

Uning sheriklari ham uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

'90 ming dollar pora bilan ushlangan Kogon tumani prokurori 15 yilga qamaldi'ning rasmi

Fevral oyida Buxoro viloyatining Kogon tumani prokurori Bahodir G‘ulomov 90 ming dollar pora olgan vaqtida  ushlangandi. 2 avgust kuni unga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov darakchi.uz'ga xabar berdi.

Sud hukmida keltirilishicha, Bahodir G‘ulomov 2024 yilning yanvar oyi boshlarida Najmiddin No‘monov va xavfli retsidivist bo‘lgan Zafar Adilov bilan jinoiy til biriktirgan.

Ular viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan "Kogon yog‘-ekstraksiya zavodi" AJ mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha ulardan biriga nisbatan ayblov e’lon qilmaslik va jinoiy javobgarlikni masalasini hal qilishlarini aytgan. Buning uchun 100 ming dollar miqdorida pora so‘ragan.

15 yanvar kuni G‘ulomov 100 ming dollarni N.N. orqali olgan. U kompaniyaga aloqador yana boshqa shaxslarni Buxoro viloyat prokuraturasida ishlovchi mansabdor shaxslar orqali tergovga jalb qilmaslik va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga takroran 100 ming dollar miqdorida so‘ragan va 44 ming dollarini olgan. Shundan 10 ming dollarini A.Z. olib, qolgan 34 ming dollarini N.N. kelgusida Bahodir G‘ulomovga berish uchun o‘zida saqlab kelgan.

13 fevral kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bahodir G‘ulomov N.N. orqali 56 ming dollarni olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan. Tezkor tadbir davomida N.N.ning Cobalt mashinasida qolgan 34 ming dollar mavjudligi aniqlangan va u ham rasmiylashtirib olingan.

Bundan tashqari, A.Z. jinoyat ishini o‘zining Bosh prokuraturadagi tanishlari orqali BP ish yurituviga o‘tkazib, jinoyat ishini tugatib berishni va’da qilgan. Buning uchun jami 100 ming dollar so‘ragan.

40 yoshli Bahodir G‘ulomov 2022 yilning aprelidan buyon Kogon tumani prokurori lavozimida ishlab kelgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahri sudining hukmiga ko‘ra, G‘ulomov va N.N. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik), 28,211-moddasi 3-qismi "a" bandida (Juda ko‘p miqdorda pora berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Unga nisbatan 3 yil muddatga prokuratura organlari tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sudlanuvchi N.N.ga esa 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berildi. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Yana bir sudlanuvchi A.Z. Jinoyat kodeksi 168-moddasi 4-qismi "a" bandi, 25,168-moddasi 4-qismi "a" bandi, 28,211-moddasi 3-qismi "a" bandida nazarda tutilgan jinoyatlarda aybli deb topildi va u 12 yil muddatga qamaldi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar