AsosiyJamiyat

Raqobat qo‘mitasi yana ikkita kompaniyaga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

Orient Group Management va UzOman kompaniyalari endi jarima to‘lashi mumkin.

'Raqobat qo‘mitasi yana ikkita kompaniyaga nisbatan ish qo‘zg‘atdi'ning rasmi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Orient Group Management va UzOman kompaniyalariga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qildi.

Ma’lum qilinishicha, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, iqtisodiy konsentratsiya hisoblangan bitim (harakat) tomonlarining biri aktivlarining balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 250 ming baravari miqdoridan ortiq yoxud ularning aktivlarining jami balans qiymati yoki oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan jami tushumi BHMning 500 ming baravari miqdoridan ortiq bo‘lgan shaxslar yoki shaxslar guruhi O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan mas’uliyati cheklangan jamiyatning ulushlarining uchdan bir qismidan ortig‘ini tasarruf etish huquqini olganda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olishi belgilangan.

Shunga qaramasdan, Orient Group Management MCHJ tomonidan 16 may kuni Highway Logistics Center MCHJning ustav fondini ko‘paytirish orqali uning 45 foiz ulushiga egalik qila boshlagani ma’lum bo‘lgan, bunda monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinmagan.

Holat yuzasidan qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan Orient Group Management MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi. Maxsus komissiyaning ushbu qarori ustidan Orient Group Management MCHJ sudga da’vo ariza bilan murojaat qilgan.

Bundan tashqari, “O‘zbek-Ummon investitsiya kompaniyasi” (UzOman) MCHJ QK tomonidan 23 iyul kuni monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinmasdan aynan yana Highway Logistics Center MCHJning ustav fondidan 45 foiz ulush olingani aniqlangan.

Natijada, ushbu holatda ham qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan “O‘zbek-Ummon investitsiya kompaniyasi”ga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.

Boshqa yangiliklar