AsosiyJamiyat

Toshkent xalqaro kinofestivali noma’lum muddatga qoldirildi

“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali joriy yilning 15-19-sentyabr kunlari poytaxtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

'Toshkent xalqaro kinofestivali noma’lum muddatga qoldirildi'ning rasmi

Joriy yilning 15-19-sentyabr kunlari poytaxtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Ipak yo‘li durdonasi” XVI Toshkent xalqaro kinofestivalining muddatlari ko‘chirilgani ma’lum qilindi. 

"Ma’lumki, mamlakatimiz bu yil ko‘plab e’tiborga molik yirik xalqaro tadbirlarning markaziga aylandi. Ularning o‘tkazilish sanalari Kinofestival kunlariga to‘g‘ri keladi. Xususan, Futzal bo‘yicha Jahon chempionati va bir nechta boshqa xalqaro forum va konferensiyalar shular jumlasidan. Shu bilan birga, Kinofestivalning tanlov dasturida ishtirok etish uchun arizalar qabuli to‘xtatilganiga qaramay (60 dan ortiq davlatdan 400 dan ortiq filmlar), xorijiy mamlakatlardan ishtirok uchun talabgorlarning so‘rovlari davom etmoqda. Bu o‘z navbatida Kinofestivalni o‘tkazish kunlari bilan bog‘liq rejalarimizga o‘zgartirish kiritishni taqozo qilmoqda.

O‘z ish rejalaringizni o‘zgartirishga majbur bo‘lganingiz uchun yana bir karra uzr so‘ragan holda, Kinofestivalga bo‘lgan qiziqishingiz uchun samimiy minnatdorchilik bildiramiz va “Ipak yo‘li durdonasi” XVI Toshkent xalqaro kinofestivalida ko‘rishguncha deb qolamiz", - deyiladi kinofestival matbuot xizmati xabarida.

    Boshqa yangiliklar