Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazib kelinmoqda. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar qildi.
Xususan, Transport, Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Madaniyat vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda, ularda faoliyat yuritayotgan 107 nafar boshqaruv xodim 116 ta tadbirkorlik subyektlarida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi.
Jumladan, Transport vazirligining 50 ta boshqaruv xodimlari 55 ta tadbirkorlik subyektlarida, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 37 ta boshqaruv xodimlari 39 ta tadbirkorlik subyektlarida hamda Madaniyat vazirligining 20 ta boshqaruv xodimlari 22 ta tadbirkorlik subyektlarida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.
Yuqoridagi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha mazkur vazirliklarga Agentlik tomonidan kiritilgan taqdimnomalar ushbu vazirliklar tomonidan tanqidiy muhokama qilindi va tadbirkorlik subyektlarida ta’sischilik qilayotgan xodimlarga nisbatan ogohlantirish xatlari berilib, qayd etilgan qonunbuzilishi holatlari bartaraf etilmoqda.
Eslatma:O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati subyektlari bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar o‘rnatilgan.
Agarda siz korrupsiyaga duch kelsangiz Agentlikning “Call-markazi” – 1253 yoki eanticor.uz elektron platformasi orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.