AsosiyJamiyat

Birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumida 20 dan ortiq kelishuvlar imzolandi

O‘zbekistonda mashinasozlik, to‘qimachilik, mashinasozlik, charmsozlik sohalarida ishlab chiqarish maydonlari kengaytiriladi.

'Birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumida 20 dan ortiq kelishuvlar imzolandi'ning rasmi

24 sentyabr kuni O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan Birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi o‘z ishini boshladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda Italiya Universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Maria Bernini boshchiligida bo‘lib o‘tayotgan mazkur forumda Italiyaning Universitetlar va tadqiqotlar vazirligi hamda uning huzuridagi 25 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, mamlakatimizning 40 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasa rektorlari va boshqa vakillar ishtirok etmoqda.

Yalpi majlis va 3ta alohida seksiyadan iborat “Universitetlar hamkorligining yangi bosqichi — ikki davlat va jamiyat rivojlanishining muhim omili" mavzusidagi forum Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida o‘tkazildi. Seksiyalar «Kreativ industriya, huquq, iqtisodiy fanlar va madaniy meros sohalaridagi yutuqlar va hamkorlik istiqbollari», «O‘zbekiston va Italiya universitetlarining muhandislik, agro-industriya va raqamli texnologiyalar, standartlashtirish va metrologiya sohalarida hamkorligining yangi bosqichiga qadam qo‘yish», «Sog‘liqni saqlash ta’lim sohasida zamonaviy tibbiy, reabilitatsiya va farmatsevtika texnologiyalari» mavzularini qamrab oldi. 

Tadbir doirasida ikki mamlakat universitetlari o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik aloqalari uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan 20 dan ortiq kelishuv va memorandumlar imzolandi. Mazkur hujjatlar ta’lim va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga zamin yaratadi.

Forum oliy ta’lim va tadqiqotlar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda, xalqaro akademik mobillik va tajriba almashish dasturlarini yaratishda muhim qadam bo‘lib, O‘zbekiston va Italiya universitetlarining hamkorlikda o‘sishi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochuvchi platforma vazifasini bajarishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Forum doirasida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti huzurida “Italiya-O‘zbekiston ilg‘or muhandislik markazi”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur markaz Italiyadagi ilg‘or va innovatsion texnologiyalarni uzluksiz joriy etish orqali O‘zbekistonda mashinasozlik, to‘qimachilik, mashinasozlik, charmsozlik sohalarida ishlab chiqarish maydonlarini kengaytirish, O‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish, tajriba loyihalari, ixtisoslashtirilgan ma’lumotlarni tarqatish, ikki davlatlarning xususiy sektorini jalb qilgan holda ko‘zda tutilgan tarmoqlarda Italiya-O‘zbekiston sarmoyalari va qo‘shma korxonalarni qo‘llab-quvvatlash uchun infratuzilma va shart-sharoitlar yaratishni o‘z oldiga maqsad qilgan.

Forum  25-27-kunlari  Buxoro va Samarqand viloyatlarida davom etadi. 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar