Prezident Samarqandda o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘rta shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha 200 million dollarlik, qishloq joylaridagi infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha 130 million dollarlik loyihalar Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan hamkorlikda boshlaganganini alohida e’tirof etdi.
Bank va boshqa hamkorlar bilan bunday infratuzilmaviy loyihalar yanada kengaytirilishiga ishonch bildirdi.
“Biz kelgusi yillarda yana 18 gigavatt quyosh va shamol, 3 gigavatt gidro elektr stansiyalari, 5 gigavatt energiya jamlash sig‘imlari hamda 5 milliard dollarlik elektr tarmoqlarini ishga tushiramiz.
Mazkur loyihalar orqali yirik “yashil” ma’lumotlar markazlarini ham yaratmoqchimiz. Bu – barcha xalqaro moliya tashkilotlari uchun ham jozibador loyiha bo‘ladi, deb hisoblayman.
Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan yiliga 100 million dollarlik “yashil” sertifikatlar bozori shakllanib, bu xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikning yangi istiqbolli yo‘nalishi bo‘lishiga ishonaman.
Qo‘shni mamlakatlar ham qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha katta loyihalarni boshlaganini qayd etish lozim. Kelgusi yillarda qayta tiklanuvchi energiya resurslariga boy Markaziy Osiyo jahon energetika bozorlariga “yashil” energiya yetkazib beradigan yirik eksportchiga aylanishi uchun katta qadamlar tashlayapmiz. Bu borada Transkaspiy elektr tarmog‘ini barpo etish loyihasi katta salohiyatga ega ekanini alohida ta’kidlamoqchiman”,
- dedi davlatimiz rahbari.
Prezident Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshchiligida Markaziy Osiyoda “yashil” energiyani rivojlantirish dasturini amalga oshirishni taklif qildi.