AsosiySiyosat

Pensiya islohoti konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish uchun ishchi guruh tuzildi

Konsepsiya prezident administratsiyasiga 2025 yil 1 martga qadar taqdim etilishi kerak.

'Pensiya islohoti konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish uchun ishchi guruh tuzildi'ning rasmi

O‘zbekistonda davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 23 sentyabrdagi qarorida nazarda tutilgan.

Hujjat bilan konsepsiya loyihasini ishlab chiqadigan ishchi guruh tarkibi tasdiqlanadi. Unga bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov boshchilik qiladi. Guruh tarkibiga uning birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov va boshqa vazirlik va idoralar o‘rinbosarlari ham kiradi. Shuningdek, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari jalb etiladi.

Ishchi guruh amaldagi pensiya tizimidagi mavjud muammolarni tahlil qilib, uning barqarorligini ta’minlash va ilg‘or xorijiy tajriba asosida ijtimoiy adolatni mustahkamlashga qaratilgan takliflarni tayyorlaydi.

2025 yil 1 martga qadar pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqib, Prezident administratsiyasiga taqdim etish topshirildi.

Bunda ishchi guruh konsepsiya loyihasi bo‘yicha tayyorlanayotgan takliflar mohiyatini OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritishi, shuningdek, so‘rovnomalar o‘tkazishi lozim.

    Boshqa yangiliklar