Bugun poytaxtimizda O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari hamkorligida tashkil etilgan yuqori darajadagi tajriba almashish forumi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Tadbirda O‘zbekiston va BAA davlat organlari vakillari, "ICBA", "Fly Dubai", "Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi" kabi tashkilotlar rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirok etmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi ko‘p tomonlama aloqalar, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda faol rivojlanmoqda. Forumda turli yo‘nalishlar, jumladan, "yashil" energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm infratuzilmasi va boshqa mavzular muhokama qilinmoqda.
Anjuman davlat boshqaruvi va iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ko‘maklashish, yangi loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishishga xizmat qiladi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston va BAA madhiyalari yangradi, ikki davlat hamkorligiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi. Shundan so‘ng "Kelajak hozirdan: Transformatsiyalar davrida hukumatni modernizatsiya qilish" mavzusida panel muhokamasi boshlandi. Unda "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida ko‘zda tutilgan islohotlarni izchil va sifatli amalga oshirish masalalari, mamlakatimizni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari xususida fikr almashilyapti.
Forum davomida ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha loyiha va tashabbuslarni muhokama qilish uchun investitsiya va iqtisodiy o‘sish, energetika va infratuzilma, ta’lim va mintaqaviy rivojlanish, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, raqamli transformatsiya, turizm va hukumatni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan 8 ta klaster tadbirlari tashkil etiladi.