Haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar qildi.
Departamentning Bekobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “A.Q.” MCHJ avtomaktabi xodimi J.J. 4 nafar fuqaroga go‘yoki Sirdaryo viloyati IIB YHXBda ishlovchi tanishlari orqali haydovchilik guvohnomalarini olib berishini aytib, evaziga fuqaro U.J.dan jami 1 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Shahrisabz shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa fuqaro M.A. fuqaro N.O.ga go‘yoki Qashqadaryo viloyati IIB YHXBda ishlovchi tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olib berishi evaziga jami 300 AQSH dollari va 2,3 mln so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 1,6 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib,tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.