Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, departamentning Marg‘ilon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar A.S. va M.S. “Pichoqchi” MFY hududidagi xonadonida O‘zbekiston Respublikasi hududida saqlash, sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qo‘llash taqiqlangan, davlat reyestrida qayd etilmagan umumiy bahosi 1,4 mlrd so‘mlik 3 990 quti jami 19 950 dona “Neufol-C” nomli dori vositalarini o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, departamentning Yunusobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan A.A. va boshqalar xorijda ishlab chiqarilgan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 2 500 quti “NEUFOL-C” nomli dori vositasini fuqaro M.X.ga 21 700 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.