18 oktyabr kuni o‘z ishini boshlagan Xalqaro madaniy meros haftaligi o‘z ishini qizg‘in davom ettirmoqda. Bugunning o‘zida 3 ta muhim tadbirlar o‘tkaziladi.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosida "Temuriylar davriga sayohat" forumi, Toshkent muzeyida "Ilk sivilizatsiyalar davri sharq renessanslarining poydevori sifatida" nomli xalqaro anjuman, Milliy kino san’ati saroyida "Kino san’ati O‘zbekiston madaniy merosi" forumi kabilar o‘z ishini olib bormoqda.
"Temuriylar davriga sayohat" forumida “Temuriylar tarixi davlat muzeyi numizmatik kolleksiyasi” ko‘rgazmasining namoyishi bilan boshlandi. Muzeyning numizmatik kolleksiyasi asosida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada o‘zbek davlatchiligi tarixida muhim ahamiyat kasb etgan bir qator sulolalar – Somoniylar, Xorazmshohlar, Amir Temur va Temuriylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar, Buxoro amirligi, Qo‘qon xonligi davriga oid va bugungi kunda muzey olimlari tomonidan o‘rganilayotgan “Yangi Sanganak” xazinasi (XIV–XVI asrlar) tangalari namoyish etildi.
Forumda Respublika ilmiy tadqiqot muassasalari va Oliy o‘quv yurtlarining taniqli olimlari bilan bir qatorda Yaponiya, Fransiya, Tojikiston, Pokiston, Hindiston kabi davlatlardan ham bir qator olimlar o‘z ma’ruzalari bilan qatnashishmoqda. Shuningdek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Ikkinchi renessans ekspozitsiyasini shakllantirishga oid loyiha mavzulari bilan ishtirok etishmoqda.
O‘zbekistonning madaniy merosini keng targ‘ib qilish, uning turistik salohiyatini oshirish, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining Temuriylar renessansiga oid ekspozitsiyalarini takomillashtirish kabi dolzarb vazifalar Forum ishtirokchilarining diqqat markazida.