AsosiyJamiyat

Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul temir yo‘l va shaharlararo avtobus chiptalari beriladi

Fuqarolarning ushbu toifalari reyestri "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimida yuritiladi.

'Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul temir yo‘l va shaharlararo avtobus chiptalari beriladi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga temir yo‘l transporti yoki shaharlararo avtobusga bepul chiptalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomda bepul sayohatlar uchun chiptalar berish va ularni hisobga olish tartibi, shuningdek, bepul sayohatlar xarajatlarini kompensatsiya qilish mexanizmi nazarda tutilgan.

Qarorga ko‘ra, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan "Yagona milliy ijtimoiy himoya" axborot tizimida o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestri yuritiladi.

Bir oy muddatda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning vakolatli bo‘linmalari tomonidan avtovokzallarning mansabdor shaxslariga ushbu reyestrdan foydalanish imkoniyati ochiladi.

Reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamda ularni bevosita kuzatib boruvchi shaxsga yiliga bir marta bepul temir yo‘l yoki shaharlararo avtobus chiptalari (borish va qaytish) ajratiladi.

Yuqorida ko‘rsatilgan toifadagi fuqarolar bepul yo‘l chiptasini rasmiylashtirish uchun mansabdor shaxsga shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishlari kerak.

    Boshqa yangiliklar