AsosiySog'lik

«Tirnog`ingni g`ajima!» Onixofagiya - odatmi yoki kasallik?

Onixofagiya. Ilmiy tilda tirnoqni tishlash odati shunday nom olgan. Bundan chiqdi, tirnoqn...

Onixofagiya. Ilmiy tilda tirnoqni tishlash odati shunday nom olgan. Bundan chiqdi, tirnoqni tishlash kasallikmi? Unga nimalar sabab bo`ladi? Oqibatlari qanday? Savollarga Toshkent shahri Bolalar ruhiy-asab kasalliklari markazi dispanser bo`linmasi boshlig`i, oliy toifali shifokor Adiba HOShIMOVA javob beradi.

Bu yoqimsiz odat sabablari haqida turli qarashlar mavjud. Ba`zilar «hammasiga genlar aybdor»ligini takidlaydi. Ya`ni ular fikricha, bu bolaga qachondir tirnog`ini tishlash odati bo`lgan ota-onadan o`tadi. Boshqalar esa tirnoqni tishlash boladagi agressiya yoki stress oqibati ekani tarafdori. Aslida bolaning bu odati sababini uning hissiy holatidan izlash kerak. O`yin maydonidagi tushunmovchiliklar, bog`cha yoki maktabdagi stresslar, oiladagi ziddiyatlar, ota-onaning doimiy tergashlari mitti odamchaning ich-ichidan o`zidan va atrof-muhitdan qoniqmasligiga olib keladi.

Bu nimaning alomati?

Ba`zi ota-onalar farzandida paydo bo`lgan yoqimsiz odatga keraklicha e`tibor berishmaydi. Shunchaki bolani tengdoshlaridan faqatgina salbiy odatlarni «ko`chirish»da ayblashadi, xolos. To`g`ri, bu fikrda qisman jon bor, lekin bu odatning paydo bo`lishi birmuncha jiddiy sabablarga bog`liq. Mutaxassislar onixofagiyaga bejizga eng ko`p tarqalgan patologik odat sifatida qarashmaydi. Bolalar pedagoglari va ruhshunoslari buning eng asosiy sababini bolaning bezovta ruhiy holatiga bog`lashadi. Odatda kattalar bolalar hayotida onixofagiyaga olib keladigan darajadagi stresslar bo`lmaydi, deb hisoblashadi. Biroq biz kattalar uchun unchalik ahamiyatli bo`lmagan narsalar ham bola uchun katta ahamiyat kasb etishini unutmaslik lozim.

Sabab va maslahatlar

Onixofagiya bilan kurashishga kirishar ekansiz, avvalo oilangiz va farzandingiz hayotida so`nggi paytlarda yuz bergan voqealarni tahlil qilib ko`ring. Asosiysi — kasallik sababini topish.

Zerikish. O`ylab ko`ring, bolakayning kundalik hayoti qiziqarli ishlar, quvnoqliklarga qanchalik boy? Farzandingizga haddan ziyod qattiqqo`l emasmisiz? Bo`lar-bo`lmasga tergayvermaysizmi, jazolayvermaysizmi? Ehtimol, bolakayning tengdoshlari bilan bog`liq muammolari bordir-u, sizga buni aytishga imkoni bo`lmagandir? Tabiiyki, gap har kuni bayram tashkillashtirish haqida bormayapti. Lekin farzandingizni bolalarcha vaqtichog`lik qilishda chegaralamaslik sizning qo`lingizda. Masalan, mayli, suvdagi o`yindan keyin polga sovun ko`piklari sachrasa, bu to`g`irlab bo`lmaydigan holat emas. Bolani foydali mashg`ulotlar (kitob tomosha qilish, mozaika yig`ish…) bilan band qilishga harakat qiling. Qanchalik band bo`lsangiz ham hech bo`lmasa bir kunda bir soatgina vaqt ajratib, farzandingiz bilan dildan gaplashing, kuningzi qanday o`tgani haqida so`zlab Bering va boladan ham kun qanday o`tganini so`rang.

E`tibor etishmasligi. Agar farzandingiz yana «go`dakligiga qaytib qolsa», ya`ni tirnog`ini tishlash singari odat chiqarsa, demak, unga ilgarigi e`tiboringiz unga etishmayapti. Balki bolakay siz xohlagan darajada «katta bo`lish»ga tayyor emasdir. Bolaning majburiyatlari doirasini asta-sekin kengaytirib boring, lekin o`zingiz ham yordam bering. Ko`magingizni esa asta-sekin kamaytirib boring, lekin bu vaziyatda bolaga ko`proq mehringiz, erkalashlaringiz kerak. Farzandingizni «kattalarcha» qilgan har bir ishi uchun oshkora rag`batlantirib turing, biroq kattalar rolini bo`yniga ilib qo`ymang. Ko`proq quchoqlang, o`ping. Agar uni o`zini «chaqaloqlarcha» tutishi uchun jazolasangiz, bu eng katta xatongiz bo`ladi. Ularga o`ta e`tibor qaratib yubormang.

Yig`ilib qolgan agressiya. Bolani his-tuyg`ularini to`g`ridan-to`g`ri ifodalashga o`rgating. Unda agressiya yig`ilib qolmasligiga harakat qiling. Buning uchun «baqirish» o`yini o`ynash yoki yostiq bilan bir-biringizni urib o`ynashingiz mumkin. Bu farzandingiz tengdoshlari bilan do`pposlashganda ham rag`batlantirish ma`nosini bildirmaydi albatta. Lekin agar bola va do`stlari orasida tushunmovchilik bo`lsa, gap nimadaligini bilmasdan turib, farzandingizni jazolashga shoshilmang. Unga agressiv hissiyotni chiqarib tashlash imkonini beradigan rol o`ynovchi o`yinlarga tez-tez taklif etib turing.

Yuqori xavotir. Ota-onalarning kayfiyati va o`zini tutishi bolalarning asab buzilishlariga ham sabab bo`ladi. Kichkintoylar radar singari xavotiringiz, bezovtaligingizni sezadi. Bunday vaziyatda farzandingizdagi tirnog`ini tishlayverish odatini yo`qotish uchun avvalo o`zingiz o`zgarishingiz kerak. Bola o`zini kutganingizdek tutmasa, hadeb uni ayblayverishdan o`zingizni tiying. Kuniga hech bo`lmasa bir soatga bola bo`lishga harakat qiling: uydagi saranjom-sarishtalik, kiyimdagi dog`lar va murojaatdagi «aql o`rgatish»larni unutib, farzandingiz bilan bolalarcha miriqib o`ynang. Bu boladagi xavotirlik, salbiy hissiyotlarni chiqarib tashlashda yordam beradi.

Oqibatlari

  • Bola turli teri infeksiyalariga birmuncha chalinuvchan bo`lib qoladi. Chunki onixofagiya bakteriya, virus va gijjalarning organizmga kirishi uchun yo`l ochadi.
  • Muntazam ravishda tirnog`ini tishlaydigan bola doim og`iz bo`shlig`iga infeksiya kiritadi. Bu esa stomatit, faringit, angina kasalliklari xavfini oshiradi.
  • Tirnog`ini tishlashga odatlangan bolada ruhiy muammolar ham yuzaga keladi. Aslida ham kattalarning ko`pgina qo`rquv va komplekslari bolaligidan «meros» qolgan bo`ladi.

Xullas, agar sizning farzandingiz ham tirnog`ini tishlasa, bu odatmi yo kasallik ekanini aniqlash uchun bolalar psixoterapevtiga murojaat qiling.

Nilufar tayyorladi

 

Boshqa yangiliklar