Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida jinoyat sodir etishga moyil deb hisoblangan 114 nafar shaxsning yashash manzillari tekshirildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligi doirasida viloyat IIB hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida 95 nafar shaxs noqonuniy buyum va ashyolarni saqlab kelayotgani aniqlangan.
O‘rganishlar yakunida 41 nafar shaxsning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari mavjudligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, yana 54 nafar shaxsning harakatlarida ma’muriy huquqbuzarlik belgilari aniqlanib, ularga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Tezkor tadbirlar davomida 10 dona sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan buyum, 1 kilogramm 96 gramm giyohvandlik vositasi, 53 tup giyohvandlik o‘simligi, 2 dona ov quroli, 18 dona pnevmatik qurol hamda boshqa turli ashyolar ashyoviy dalil sifatida olingan.






