O‘zbekiston elchixonasi va "Meezab Group" turistik kompaniyasi hamkorligida Pokistonning Lahor shahrida mamlakatimizga viza olishga ko‘maklashish markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Tadbirda mamlakatimizning boy madaniyati, tarixiy merosi va turistik salohiyati haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shu bilan birga, Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilgani haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekistonning ziyorat turizmi, gastronomik, tibbiy, MICE-turizm kabi turli yo‘nalishlardagi ulkan salohiyati alohida ta’kidlandi. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shaxrisabz va Qo‘qon kabi tarixiy shaharlardagi obidalar, milliy taomlar va xizmat ko‘rsatishning yuqori sifati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekistonning mehmondo‘stlik an’analari va zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi pokistonlik sayyohlar uchun keng imkoniyatlar yaratishiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda pokistonlik turistik kompaniyalar vakillari O‘zbekistonga qiziqishlari va kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalar haqida fikr almashishdi.
Mazkur markazning ochilishi O‘zbekistonga sayohat qilishni rejalashtirayotgan Pokiston fuqarolari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi va turizm sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.