AsosiyJamiyat

Ba’zi yo‘lovchilarga poyezdda bir marta bepul yurish huquqi berildi

“Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun 1 yanvardan kuchga kirdi.

'Ba’zi yo‘lovchilarga poyezdda bir marta bepul yurish huquqi berildi'ning rasmi

Temir yo‘l transporti sohasidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida “Temir yo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun joriy yil 1 yanvardan kuchga kirdi.

Yangi qonunga 17 yangi tushuncha kiritilgan. Bir-biriga nomuvofiq va havolaki normalar qayta ko‘rib chiqildi.

Qonunga yangi moddalar ham kiritildi. Xususan, temir yo‘l transporti tashuvchisining yo‘qotishlari va zararlarini qoplash to‘g‘risida (30-modda) me’yorlar kiritildi. Chunki, amalda yo‘lovchilarni temir yo‘l transportida tashishdan ko‘rilgan zararlar tashkilotga ortiqcha yuklatilgan bo‘lib, Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi nazarda tutilmagan edi. Konstitutsiyaning 19-moddasini ta’minlash maqsadida alohida toifadagi yo‘lovchilarga temir yo‘l transportida yiliga bir marta bepul yurish huquqi belgilandi.

Amaldagi qonunda havolaki normalar, shuningdek, “normativ hujjatlar” so‘zlari ifodalangan moddalar mavjudligi, temir yo‘l transporti faoliyati nafaqat me’yoriy texnik hujjatlar bilan, balki normativ-huquqiy hujjatlar bilan ham tartibga solinishi sababli, ushbu normalarning tahririga o‘zgartirish kiritildi.

Qonun joriy yilda davlat tomonidan tartibga solinadigan tariflarda yo‘lovchilarni tashishdan vujudga kelgan zararlarni qoplash uchun Davlat budjetidan qo‘shimcha 1,7 trillion so‘m xarajatni talab etadi.

Qonun temir yo‘l transporti sohasidagi iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, tadbirkorlik faoliyati uchun shart-sharoit yaratish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, temir yo‘l transporti va xalqaro tashuvlar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi

    Boshqa yangiliklar