AsosiyJamiyat

Oqdaryo suv omborida yoriqlar paydo bo‘lgani haqida yolg‘on axborot tarqatganlar jarimaga tortildi

Yolg‘on axborot tarqatgan 2 kishiga 7,5 mln so‘mdan jarima jazosi tayinlandi.

'Oqdaryo suv omborida yoriqlar paydo bo‘lgani haqida yolg‘on axborot tarqatganlar jarimaga tortildi'ning rasmi

Samarqand viloyati Ishtixon tuman sudi 13 yanvar kuni Oqdaryo suv omborida yoriqlar paydo bo‘lgani haqida yolg‘on axborot tarqatishda gumonlangan shaxslar ustidan sud bo‘lib o‘tdi. darakchi.uz sud hujjati bilan tanishdi. 

Qayd etilishicha, 1988 yilda tug‘ilgan J.H. 2025 yil 10 yanvar kuni Oqdaryo suv omborining janubiy-g‘arbiy qismi qirg‘og‘ida suv ombori ishchi xodimlari tomonidan joriy ta’mirlash ishlarini olib borilayotganini o‘zining telefoniga video tasvirga olgan.

Unda "Mana Ishtixon tumani suv omborida suv toshib ketishiga oz qoldi, suv omboram ketay dedi" deb, 2025 yil 10 yanvar kuni soat 19:00 larda M.P. bilan birgalikda ushbu jamoat tartibiga hamda xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni, ya’ni video tasvirini ijtimoiy tarmoqlar orqali turli guruh va kanallarga joylashtirib tarqatishgan.

J.H. va M.P.ning mazkur huquqbuzarlikni sodir etishdagi ayblari o‘zlarining sud majlisidagi ko‘rsatuvlari, dalolatnoma, tushuntirish xatlari hamda ishda to‘plangan boshqa obyektiv dalillar yig‘indisi bilan to‘liq o‘z tasdig‘ini topgan.

Sud hukmiga ko‘ra, J.H. va M.P. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202−2-moddasi 2-qismida (Jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va ularning har biriga BHMning 20 baravari miqdorida ya’ni 7 500 000 so‘mdan jarima jazosi tayinlandi.

    Boshqa yangiliklar