Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonidagi hozirgi holat haqida qisqacha ma’lumot berdi.
Uning ta’kidlashicha, 2024 yilda mamlakat ushbu yo‘nalishda katta qadam tashladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan qat’iy iqtisodiy islohotlar natijasida amalga oshdi. Xususan, o‘tgan yili JST ishchi guruhi ikkita muhim yig‘ilish o‘tkazdi. Bu a’zolikning asosiy hujjati — ishchi guruh hisoboti loyihasini tayyorlashga kirishishga imkon berdi.
Shuningdek, AQSH, Xitoy va Yaponiya kabi 15 ta mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi. Natijada O‘zbekiston hisobida 23 ta imzolangan bitim bor.
Qisqa vaqt ichida biznesni va raqobatni yanada shaffof qilish uchun 20 ta muhim qonun qabul qilindi. Uning qayd etishicha, tez orada tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘lish uchun 2025 yilda ham O‘zbekiston shu sur’atda davom etadi. Bu mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirishi hamda o‘zbek biznesining mintaqaviy va global qo‘shilgan qiymat zanjirlariga kirib borishini ta’minlashi lozim.
“JSTga a’zolik va davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarning yakuniy maqsadi, shubhasiz, xalqimiz farovonligini ta’minlash, unga munosib ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiyot boshqaruvini samaraliroq tizimga o‘tkazishdir”, dedi prezident yordamchisi.
O‘zbekiston 2026 yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lmoqchi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zo bo‘lishi chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov ekanligini ta’kidlagandi.