Toshkent viloyatidagi bog‘chada ilonlar bilan tomosha ko‘rsatgan shaxs jarimaga tortildi. Bu haqda “Milliy′” telekanalining “Millar” dasturida xabar berildi.
20 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda bolalariga zaharli ilonlar bilan tomosha ko‘rsatilgani aks etgan video tarqalgandi. Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat 16 yanvar kuni Piskent tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida o‘tkazilganini ma’lum qildi.
Ushbu tomosha Olmaliq shahar “Kumush diyor” xususiy korxonasi tasarrufidagi “Toshkent” havaskorlik sirk jamoasi xodimi H.A. tomonidan uyushtirilgan bo‘lib, u o‘quv yili avvalida tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga ta’lim tizimidagi muassasalarga sirk tomoshalarini namoyish qilish bo‘yicha xat va dastur bilan murojaat qilgan. Mas’ullar tomonidan ushbu tomoshalarga ruxsat berilgan. Namoyishlar dasturida hayvonlar bilan sahna ko‘rinishlari ko‘rsatilmagan.
Sud hukmiga ko‘ra, H.A. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 200−1-moddasi (ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzish) bilan aybli deb topildi. Unga shu moddaga asosan BHMning 10 baravari (3 million 750 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.