Toshkent shahri Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi M.F. 20 nafar fuqarolarga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan, qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalangan holda jami 427,7 mln. so‘mlik kredit mablag‘larini qo‘lga kiritgan. Bu haqida Bosh prokuratura xabar berdi.
Ushbu kredit mablag‘larini oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, jumladan ehtiyojmand oila a’zolarining hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyati yo‘lga qo‘yilishini tashkillashtirmasdan, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Shuningdek, M.F. o‘zining qarindoshlari va boshqa 5 nafar fuqarolarga mahalla hududida yashamagan bo‘lsada, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 mln. so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratilishiga erishib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.