Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchining YPX xodimini mashinasida "sayr qildirgan" aks etgan videolar tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat joriy yilning 4 fevral kuni soat 19:10 da Oqdaryo tumanidan o‘tuvchi M37 avtomobil yo‘lining 34-kilometrida sodir bo‘lgan. Ushbu hududda xizmat olib borayotgan yo‘l patrul xodimi to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan Cobalt avtomobilining yoniga kelib, haydovchidan hujjatlarini so‘ragan.
Haydovchi yo‘l patrul xodimiga me’yoriy hujjatlarni taqdim qilmasdan, qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirib ketgan.
"Yo‘l patrul xizmati xodimidan qochib, qamoqqacha yetib keldim. Qilgan ishimdan pushaymonman. Xodimning oila-a’zolaridan ham kechirim so‘rayman. Barcha haydovchilar Gai to‘xtatganda to‘xtasin, menga o‘xshab bu vaziyatga tushib qolmasin",- deydi haydovchi.
Mazkur holat yuzasidan Oqdaryo tumani prokuraturasi tomonidan JKning 219-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchi protsessual tartibda ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.