AsosiyJamiyat

Prezident qarori bilan Navoiy viloyatida 2025 yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi

Shuningdek, “Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash” mavzusida respublika tanlovi va 10–15 oktyabr kunlari xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.

'Prezident qarori bilan Navoiy viloyatida 2025 yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi'ning rasmi

"Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targ‘ib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-43-son, 07.02.2025 y.) qabul qilindi

Qarorga ko‘ra, Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyatida 2025 yil “Alisher Navoiy yili” deb nomlanadi.

Alisher Navoiy ijodiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi hamda chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Alisher Navoiy merosini o‘rganish ishlarini yanada yuksak bosqichga ko‘tarish maqsadida yurtimiz va chet ellarda tizimli asosda ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini e’lon qilish, ushbu mavzuda yangi ilmiy, badiiy va ommabop asarlar yaratish, xorijdagi navoiyshunos olim hamda ijodkorlarning asarlarini o‘zbek tilida nashr etish choralarini ko‘rish Respublika komissiyasining asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

“Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” an’anaviy xalqaro simpoziumi va navoiyxonlik tadbirlari yuqori saviyada o‘tkaziladi.

Navoiy davlat universitetida 2025 yil 10–15 oktyabr kunlari “Alisher Navoiy ilmiy-adabiy merosining umumbashariyat ma’naviy va ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi.

“Hazrat Navoiyni anglash – o‘zligimizni anglash” mavzusida respublika tanlovi, shuningdek, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda “Navoiyxonlik kechalari” tashkil etiladi.

    Boshqa yangiliklar