Saudiya Arabistoni Qirolligi Sog‘liqni saqlash vazirligi 2024 yilning dekabr oyida 2025 yildan boshlab Umra va Haj amallarini bajarish uchun keladigan barcha ziyoratchilarning meningit infeksiyasiga qarshi emalanganlik to‘g‘risidagi hujjati bo‘lishi shartligini talab qiluvchi me’yoriy hujjat chiqargan edi.
So‘nggi paytlarda aholi o‘rtasida hamda ijtimoiy tarmoqlarda "Haj va Umra ziyoratlariga borishida meningitga qarshi vaksina olish kerak deyilgan qaror bekor qilindi, endi vaksina olmasdan Umraga borsangiz bo‘ladi" - degan mazmundagi xabarlar keng tarqalmoqda.
Sanepidqo‘mita ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, Saudiya Arabistoni Umra va Haj ziyoratlariga boruvchilarda meningit kasalligiga qarshi emlanganlik haqida hujjat bo‘lishi zarurligini rasman bekor qilmaganligini ma’lum qildi.
Mamlakatimizga yuqumli kasalliklarni chetdan kirib kelishini oldini olish va epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish maqsadida ziyoratchilarni meningitga qarshi emlash tavsiya etiladi.