Rossiya bugun, 12 fevral kuni ertalab Ukraina poytaxti Kiyevga ballistik raketa bilan zarba berishi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari xabar berdi.
“Poytaxtda shovqin-suron. Havo hujumidan mudofaa kuchlari ish olib bormoqda. Boshpanalarda bo‘ling”, deb yozdi Kiyev meri Vitaliy Klichko o‘zining Telegram-kanalida.
Keyinchalik u vaziyatga aniqlik kiritib, Obolonskiy tumanida urib tushirilgan raketa parchalarining qulashidan bir kishi halok bo‘lganini, yana uch kishi, jumladan 9 yoshli qiz jarohat olganini, ulardan ikki nafari shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qildi.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati (GSCHS) ma’lumotlariga ko‘ra, Obolonskiy tumanida raketa hujumidan ikki ma’muriy bino zarar ko‘rgan, ulardan birida yong‘in kelib chiqqan. Svyatoshinskiy tumanida esa ko‘p qavatli uy tomi yongan, biroq qutqaruvchilar uni tezda o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, Goloseyevskiy tumanida omborxona joylashgan ikki qavatli binoda yong‘in sodir bo‘lgan. Bundan tashqari, Darnitskiy tumanidagi xususiy korxonalardan birida yong‘in qayd etilgan.
GSCHS ma’lumotlariga ko‘ra, raketa bo‘laklari qulagan joylarga 80 dan ortiq qutqaruvchi va 17 ta yong‘in-qutqaruv texnikasi safarbar etilgan.
“Putin shunday yo‘l bilan Ukrainadagi urushni tugatmoqchi”, deya izoh bergan Ukraina Prezidenti Vladimr Zelenskiy ofisi rahbari Andrey Yermak.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 20 dekabr kuni ham Rossiya Kiyevga raketa hujumini amalga oshirgan. O‘shanda ballistik raketa bo‘laklari qulashidan bir kishi halok bo‘lgan, yana to‘qqiz kishi jarohat olgan. Shuningdek, Goloseyevskiy tumanida issiqlik magistrali shikastlangan, oqibatda 630 ta turar-joy binosi, 16 ta tibbiyot muassasasi, 17 ta maktab va 13 ta bolalar bog‘chasi issiqliksiz qolgan.