AsosiyDUNYO

Kongoda Ebolaga chalinganlar soni 1,5 mingdan oshdi

JSST Kongodagi Ebola epidemiyasini xalqaro miqyosda tashvish uyg‘otayotgan sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyat deb e’lon qilgan.

'Kongoda Ebolaga chalinganlar soni 1,5 mingdan oshdi'ning rasmi

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi tarqalishi davom etmoqda. Mamlakatda hozirga qadar 1 502 nafarda kasallik tasdiqlangan bo‘lib, ulardan 473 nafari vafot etgan. Bu haqda Reuters xabar qildi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 213 nafar bemor sog‘aygan, 628 kishi esa shifokorlar nazorati ostida davolanmoqda. Shuningdek, virus yuqtirganlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarning 81,8 foizi kuzatuvga olingan.

Epidemiya asosan mamlakatning sharqiy qismidagi Ituri, Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu provinsiyalarida qayd etilmoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, tarqalayotgan Bundibugyo shtammiga qarshi hozircha tasdiqlangan vaktsina yoki maxsus davolash usuli mavjud emas.

Qayd etilishicha, mamlakat sharqida davom etayotgan qurolli mojarolar tibbiyot xodimlarining bemorlarni aniqlash, izolyatsiya qilish va davolash ishlarini qiyinlashtirmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mazkur Ebola epidemiyasini xalqaro miqyosda tashvish uyg‘otayotgan sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyat deb e’lon qilgan.

    Boshqa yangiliklar