AsosiyJamiyat

Mualliflik huquqini buzganlik uchun jarima miqdori oshirilishi mumkin

Deputatlar intellektual mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

'Mualliflik huquqini buzganlik uchun jarima miqdori oshirilishi mumkin'ning rasmi

Oliy Majlis qonunchilik palatasining 18 fevraldagi majlisida intellektual mulk himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Fuqarolik kodekslariga mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni, shuningdek, sanoat mulki obyektlariga bo‘lgan huquqlarni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Ya’ni, qonun loyihasi bilan:

  • mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzganlik uchun ma’muriy jarima miqdori oshirilmoqda;
  • seleksiya yutug‘iga bo‘lgan huquqni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda;
  • patentga oid (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va seleksiya yutug‘i) huquqbuzarliklar sodir etishda foydalanilgan ashyolarni musodara qilish qo‘shimcha ma’muriy jazo chorasi sifatida kiritilmoqda;
  • Adliya organlarining kontrafakt tovarlarni ko‘zdan kechirish va xatlash vakolatlari kiritilmoqda;
  • muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilib, buzilishi javobgarlikka sabab bo‘ladigan intellektual mulk obyektlari doirasi kengaytirilmoqda;
  • intellektual mulk egalarining mulkiy huquqlarini (tovar belgisi, ixtirolar, dasturiy ta’minot, sanoat namunasi va boshqalarga doir huquqlar) buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda;
  • tovar belgisi bo‘yicha ishlab chiqarilgan kontrafakt mahsulotlar huquqbuzar hisobidan muomaladan olib qo‘yilishi va yo‘q qilinishi nazarda tutilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda intellektual mulkning tadbirkorlik faoliyatidagi foydalanish ko‘lamining ortishi va ayrim biznes vakillari tomonidan nohalol tadbirkorlik faoliyati olib borilishi sababli bu yo‘nalishdagi huquqbuzarliklar soni keskin oshgan. Jumladan, 2023 yilda sudlar tomonidan intellektual mulk obyektlari himoyasiga oid 249 dan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.

Deputatlarning qayd etishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda intellektual mulk huquqiga bo‘lgan hurmat hissini shakllantirish va intellektual mulk egalarining moddiy manfaatlarini himoya qilish, intellektual mulk sohasidagi javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali kontrafakt mahsulotlarning aylanmasiga chek qo‘yish va aholining, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk obyektlarini qonuniy foydalanish bo‘yicha mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zganing tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan, geografik ko‘rsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki adashtirib yuborish darajasida ular bilan o‘xshash bo‘lgan belgilardan shu turdagi tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan qonunga xilof ravishda foydalanish yoxud o‘zganing firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish — huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa — huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (11 million 250 ming so‘mdan 18 million 750 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Tegishli patentlangan ixtironi, foydali modelni, sanoat namunasini o‘z ichiga olgan mahsulot yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qo‘llash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qo‘llash yoxud bevosita ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usul bilan tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish — fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 million 875 ming so‘mdan 3 million 750 ming so‘mgacha), mansabdorlarga esa — 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 million 750 ming so‘mdan 7,5 million so‘mgacha ) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

    Boshqa yangiliklar