Sirdaryodagi bog‘chada 6 yoshli bolaga igna bilan tahdid qilindi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa joriy yilning 10 fevral kuni Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi bolalar bog‘chalaridan birida sodir bo‘lgan.
"O‘g‘lim o‘sha kuni kechqurun gapirib qoldi. Aya bog‘chada yangi kelgan opa menga igna sanchdi, dedi. Birinchi, o‘rtoqlarimga tiqdi, menga tiqmadi, degandi. Keyin, o‘rtoqlarining onalariga telefon qilib, so‘radim, ularning farzandlariga igna sanchilmaganini aytishdi. Keyin, o‘g‘limni videoga olib, xo‘jayinimga jo‘natdim. O‘g‘lim yig‘lab, qayerlariga igna sanchganini ko‘rsatib berdi", - deydi tarbiyalanuvchining onasi.
Qayd etilishicha, kasb-hunar maktabining amaliyotchi talabasi mazkur bog‘chaga amaliyot o‘tash uchun kelgan bo‘lgan. Tarbiyachi imtihon topshirish uchun ketgani sabab amaliyotchi qizning vazifasi u yerdagi bolalarga qarab turish bo‘lgan. Bolalarga qarash chog‘ida u 6 yoshli bolaning tanasiga igna sanchgan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolaga yengil tan jarohati yetkazilgan. Mazkur amaliyotchi talaba qizga BHMning bir baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.