AsosiyJamiyat

Faxriy donorlarga BHMning 15 barobari miqdorida pul mukofoti beriladi

Shuningdek, faxriy donorlar istagan vaqtda ta’tilga chiqishi, jamoat transportidan tekin foydalanishi va sanatoriylarga navbatsiz yo‘llanma olishi mumkin bo‘ladi.

'Faxriy donorlarga BHMning 15 barobari miqdorida pul mukofoti beriladi'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining kuni kecha bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida beg‘araz donorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi. 

 “Donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi mazkur qonun bilan bir qator yangiliklar kiritilmoqda.

Ular quyidagilardan iborat:

“O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga bir yo‘la beriladigan pul mukofoti oshirilyapti. Ilgari ushbu mukofot BHMning 5 baravari miqdorida edi, endilikda 15 baravar etib belgilanayotir. 

Ushbu ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan donorlar o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqishi mumkin.

Shahar yo‘lovchi transportidan (yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanadi.

Sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, qonunda mahalliy davlat hokimiyati organlarining mazkur yo‘nalishdagi vazifalari ham aniq belgilangan. Ya’ni ular tomonidan aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirish, keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, donorlarga sifatli xizmatlar ko‘rsatish, ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish choralari ko‘riladi.

Ushbu qonun pirovardida aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar