AsosiyDunyo

Tramp YEI mahsulotlariga ham boj joriy qilmoqchi

Tramp prezidentligining ikkinchi muddati davridagi birinchi hukumat yig‘ilishida Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan tovarlarga 25 foiz miqdorida boj joriy qilishini ma’lum qilgan.

'Tramp YEI mahsulotlariga ham boj joriy qilmoqchi'ning rasmi

AQSH tez orada Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan tovarlarga 25 foiz miqdorida boj joriy qiladi. Bu haqda kecha, 26 fevral kuni Donald Tramp prezidentligining ikkinchi muddati davridagi birinchi hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Biz qaror qabul qildik va uni tez orada e’lon qilamiz. Umumiy ma’noda bu 25 foizni anglatadi va u avtomobillar hamda shunga o‘xshash narsalarga taalluqli bo‘ladi...Men Yevropa mamlakatlarini yaxshi ko‘raman. Aslida, men barcha mamlakatlarni ko‘p jihatlari uchun yaxshi ko‘raman, lekin Yevropa Ittifoqi Qo‘shma Shtatlarni sindirish uchun tashkil etilgan. Maqsad shu edi va ular bu vazifani a’lo darajada bajardi”, deydi u.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar amerikalik ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish va bozorda mahalliy tovarlar uchun teng sharoitlar yaratishga qaratilgan. U, shuningdek, bojlarning joriy etilishi Yevropa ittifoqining savdo siyosatiga javob va Amerika iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash imkoniyati ekanini aytgan.

“Reuters” axborot agentligiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida yengil avtomobillarga 10 foizlik bojxona to‘lovlari amal qiladi. Bu AQSH bojxona to‘lovlaridan to‘rt barobar yuqori bo‘lib, AQSHda bu ko‘rsatkich 2,5 foizni tashkil etadi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi 17,5 foiz va undan yuqori miqdordagi qo‘shilgan qiymat solig‘i ham Amerika rasmiy vakillari noroziligining sabablaridan biri hisoblanadi.

YEI Trampning tanqidiga munosabat bildirib quyidagilarni ma’lum qilgan:

“Yevropa Ittifoqi – dunyodagi eng yirik erkin bozor. Yevropa Ittifoqi erkin va adolatli savdo yo‘lidagi asossiz to‘siqlarga, shu jumladan, qonuniy va kamsituvchi siyosatga qarshi chiqish uchun tariflar qo‘llanilgan holatlarga qat’iy va tezkor javob beradi”, deydi Yevrokomissiya vakili.

Shuningdek, vakil Yevropa Ittifoqi bozori “savdoni yengillashtirishi, amerikalik eksportchilar uchun xarajatlarni kamaytirishi hamda 27 mamlakatdagi standartlar va qoidalarni uyg‘unlashtirishini” ta’kidlagan.

    Boshqa yangiliklar