Qozog‘istonda sud-tibbiy ekspertizada jasadlarni yorishdan voz kechish rejalashtirilmoqda.
Hukumat yig‘ilishida adliya vaziri Yerlan Sarsembayev ekspertlik faoliyatiga yangi usullar joriy etilishi haqida ma’lum qildi.
"Biz "Virtual autopsiya" tizimini joriy qilamiz, uning mohiyati jasadlarni tekshirish uchun kompyuter tomografiyasidan foydalanishga asoslangan. Bu tadqiqot jasadni majburiy yorishdan qochish imkonini beradi, bu esa milliy va diniy an’analar bilan bog‘liq ziddiyatlarning oldini olishga yordam beradi", — dedi vazir hukumat yig‘ilishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sud-ekspertiza usullari takomillashtiriladi, ekspert va tegishli organlarning harakatlarini tartibga soluvchi bosqichma-bosqich algoritm ishlab chiqiladi. Bu esa ekspertiza o‘tkazish muddatini qisqartirishga, asossiz ekspertizalar sonini kamaytirishga va ularning sifatini oshirishga yordam beradi.
Shuningdek, vazirning fikricha, sun’iy intellektdan foydalangan holda "Ye-saraptama 2.0" axborot tizimining yangi versiyasini ishlab chiqish zarur.
"Bu tizim ekspertning tadqiqot jarayonidagi harakatlarini kuzatish, shuningdek, tadqiqotlar, harakatlar yoki harakatsizliklardagi ehtimoliy og‘ishlar haqida ogohlantirish imkonini beradi. Shuningdek, ekspertiza jarayonlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri tizimning o‘zida o‘tkazish va inson omili sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolarning oldini olish funksiyasi ham joriy etiladi", — dedi vazir.
Abdulloh Sayyid