Toshkent viloyatidagi maktabgacha ta’lim muassasalarining birida tarbiyachi tarbiyalanuvchilarga nisbatan nojo‘ya harakat qilgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi izoh berdi.
Aniqlanishicha, ushbu holat joriy yilning 6 yanvar kuni Parkent tumanidagi 19-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida kechgi soat 17:00 atrofida sodir bo‘lgan.
Muassasada jismoniy tarbiya yo‘riqchisi vazifasida faoliyat yuritadigan P.A. tarbiyalanuvchilarni gimnastika tayoqchasi bilan turtib, qatorga turishga undagan. O‘rganishlar davomida tashkilotning tarbiyachisi Sh.M. ham bolalar bilan qo‘pol munosabatda bo‘lgani aniqlangan.
Holat yuzasidan muassasaning jismoniy tarbiya yo‘riqchisi P.A. hamda tarbiyachi Sh.M. bilan tuzilgan shartnoma mehnat kodeksining 157-moddasiga asosan bekor qilindi.