“Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF-43-son, 05.03.2025 y.) qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligi xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, Kadastr agentligi huzurida Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tashkil etiladi.
Shuningdek, quyidagilar belgilandi:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi – ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ etib;
Kadastr agentligi – ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida maxsus vakolatli organ etib;
Milliy markaz – ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida ijro etuvchi organ etib.
Ommaviy baholash tizimini normativ-huquqiy va uslubiy jihatdan ta’minlash uchun “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti” belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
2026 yil oxirigacha Toshkent shahridagi eksperiment natijalari, ilg‘or xorijiy tajriba hamda xalqaro ekspertlarning xulosalari va tavsiyalari asosida “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
2025 yil 1 noyabrgacha ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyotiga asosan quyidagilar ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi:
▪️“Ko‘chmas mulk bozori monitoringi” avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
▪️“Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash” avtomatlashtirilgan axborot tizimi.