Bugungi kunda yurtimizda to`lov kartalari Online va Offline rejimida ishlaydi. Hozirgi paytda onlayn rejimida ishlaydigan kartochkalar soni jadallik bilan o`sib bormoqda. Amalda barcha banklar onlayn kartochkalarni emissiya qilmoqda va vaqti-soati bilan eski namunadagi kartochkalar muomaladan chiqib ketadi.
Odatda banklar mijozlarga naqd pulsiz hisob-kitoblarning anchayin zamonaviy “UZCARD” tizimiga o`tish, ya`ni Online kartochka egasi bo`lishni taklif qiladi. Ushbu jarayonda eski kartadagi balans qoldiq mablag`lari yangi namunadagi kartochkaga ko`chiriladi. Lekin karta egalari safida ikkala turdagi kartalardan foydalanayotganlar ham mavjud.
Barcha turdagi plastik kartalarning afzalligi ularni ruxsatsiz foydalanishlardan himoya qiluvchi PIN-kod mavjudligidadir. “DUET” kartasi yo`qotilgan holatda nima bo`ladi? “Umuman olganda, hech narsa, chunki, karta faqatgina uning egasi biladigan PIN-kod bilan himoyalanadi”, – deb o`ylaydi oddiy fikrlaydigan kishi va yanglishadi.
Shunga qaramasdan, “DUET” plastik kartochkalari barcha zaifliklardan xoli ekaniga ishonchimiz komil bo`lishi mumkinmi?
Mutaxassislarning fikriga ko`ra, bugungi kunda “DUET” platformasidagi plastik kartalar ma`naviy jihatdan eskirgan hisoblanadi. Chunki ushbu platforma ayrim kamchiliklardan xoli emas:
Birinchidan, “DUET” kartochkasi egasi mobil telefoniga mobil ilovani o`rnatish imkoniyatiga ega emas. Bu esa mobil telefonga bog`langan plastik kartaning to`lovlar tarixini ko`rishga to`sqinlik qiladi. Shuningdek, to`lov makonini yaratish, kartalar balansi haqida ma`lumot olish va hatto amalga oshirilgan operasiyalar ro`yxatini yuritish imkoniyati ham cheklangan.
Ikkinchidan, agar muayyan karta egasi o`zining “elektron hamyon”ini odat bo`lib qolgan (1 yoki 5) parol bilan PIN-kod orqali himoyalagan bo`lsa, u pullaridan ajralib qoldi deyishga asos bor. Boisi, ushbu kartani qo`lga kiritgan yovuz niyatli odam bir necha daqiqalar ichida kartada saqlanayotgan pul mablag`larini sarflab yuborishi mumkin. Karta Offline texnologiyasi asosida ishlashi sababli tezlik bilan uni blokirovka qilish va kartochkadagi mablag`lar harakatini monitoring qilish imkoniyati yo`q. “DUET” plastik kartochkasi yo`qotilgan holatda, kartochkaning egasi unga kartani taqdim etgan bank muassasasiga zudlik bilan etib borishi va kartani stop-listga joylashtirish bo`yicha ariza yozishi zarur. Plastik kartochkalar karta egalari-mijozlar yozma arizalariga muvofiq va/yoki tijorat banklari arizalari asosida stop-listga kiritiladi. Ushbu ro`yxat shakllantiriladi va tijorat banklariga markazlashgan tarzda prosessing markazi tomonidan tarqatiladi. Inkassasiya qilish paytida stop-list savdo xizmat ko`rsatish korxonasida o`rnatilgan teriminalning savdo kartochkasiga qayd qilinadi. O`z vaqtida inkassasiya qilinmaydigan savdo xizmat ko`rsatish korxonalarida yo`qotilgan/o`g`irlangan kartochkalardan tranzaksiyalar amalga oshirilishi ehtimoli yuqori bo`lib, ushbu holat kartochka egasi uchun jiddiy moliyaviy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Bugungi kunda “DUET” kartochkalari bilan bog`liq o`ta jiddiy muammolardan biri “eski” banklararo tranzaksiyalarni ularga keyingi o`rinda ishlov berish uchun Prosessing Markaziga yuborishdir. Mazkur tranzaksiyalar quyidagi sabablar tufayli yuzaga keladi:
- savdo-xizmat ko`rsatish korxonalari tomonidan savdo terminallarini o`z vaqtida inkassasiya qilinmasligi va buning oqibatida ushbu korxonaga xizmat ko`rsatuvchi bank zarar ko`radi;
- bank muassasalarida o`z vaqtida kliring sessiyalari amalga oshirilmasligi.
“UZCARD” kartochkasining boshqa bir afzalligi shundaki, u yo`qotilgan taqdirda bankda karta egasi tomonidan plastik kartochka yo`qotilgani haqida yozma ravishda ariza yoziladi va uning hisoblari muzlatiladi. Shundan so`ng, hech kim mablag`larni sarflay olmaydi. Agarda kimdir mijozning bankka murojaatiga qadar kartadan foydalangan bo`lsa, pullarning “harakatlanishi”ni tez va osonlik bilan nazorat qilish mumkin. Kartani esa ertasi kuniyoq tiklash mumkin. Eski namunadagi kartochka yo`qotilgan taqdirda, karta egasi 20 sutka kutishiga to`g`ri keladi. Ana shu muddat o`tgandan so`nggina, undan mablag` echilgan yoki echilmaganligi haqida bilish mumkin. Boisi, tadbirkorlar ularning oddiy terminali to`lib qolgan holatlarda inkassasiya qiladi. Bu bir oyda 2-3 marotaba amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, Offline karta blokirovka qilinganda (masalan, amal qilish muddati tugaganda yoki boshqa biron sababga ko`ra, bankomat yoxud do`konda garchi shunday imkoniyat bo`lsa ham oddiy avtorizasiya yo`li bilan muammo bartaraf etilmagan taqdirda), kartochkani faqatgina uni taqdim qilgan bank bo`linmasida blokirovkadan chiqarish mumkin bo`ladi. “UZCARD” bilan bog`liq holatda, buni mamlakat bo`ylab istalgan filialda amalga oshirish mumkin.
Yagona Umumrespublika Prosessing Markazi
PR-xizmati