Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi xususiy bog‘chalardan birida bolalar kaltaklani haqida xabar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat boshqarma mas’ullari tomonidan nazoratga olinib, mazkur noxush vaziyat Zangiota tumanida joylashgan oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasida yuzaga kelgani aniqlangan.
Bildirilishicha, ota-onalar muassasadan qaytgan farzandlari bilan muloqot davomida tarbiyachining zo‘ravonlik qilayotganini aniqlagan. Ushbu holatdan xabardor bo‘lgan ota-onalar kecha, 26 mart kuni muassasaga borib, kuzatuv kameralaridagi yozuvlarni ko‘rib chiqishni talab qilgan. Kamera yozuvlari ko‘rilganda 25 mart kuni tashkilotda oktyabr oyidan buyon faoliyat yuritayotgan tarbiyachi R.G. tarbiyalanuvchilarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘layotgani aniqlangan.
Bugun, 27 mart kuni Zangiota tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan ishchi guruh tuzilib, noxush holat kuzatilgan oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasida o‘rganish ishlari olib borilgan.
Muassasa rahbari mazkur vaziyatdan so‘ng tarbiyachi lavozimida faoliyat yuritayotgan R.G. bilan shartnomani bekor qilgan. Ota-onalarga bunday noxush holat takrorlanmasligi va ularning ishonchini suiste’mol qilmaslik haqida munosabat bergan.
“Ayni paytda, bo‘lim mas’ullaridan iborat ishchi guruh tomonidan tashkilotdagi barcha xodimlar bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy ogohlantirish berildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ushbu noxush holat yuzasidan jamoatchilikni xabardor qilgan fuqarolarga minnatdorlik bildirgan hamda bunday holatlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishini ma’lum qilingan.