Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning uchinchi o‘g‘li, 17 yoshli Adam Qodirov respublika IIV boshqarmasining kuratori bo‘ldi.
Shuningdek, uning taklifiga ko‘ra, idoraning o‘z xavfsizligi bo‘yicha operativ-qidiruv bo‘limiga yangi rahbar tayinlandi – bu lavozimga vazir yordamchisi Timur Musanguzov keldi.
Adam Qodirovning Checheniston IIV kuratori sifatidagi tayinlovi 31 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda e’lon qilindi. Vazirlik rahbari Aslan Irasxanov bu qaror Ramzan Qodirovning topshirig‘iga binoan qabul qilinganini ma’lum qildi. Yangi lavozimiga kirishgan Qodirov o‘g‘li davlat mukofotlari bilan bir necha marta taqdirlangan shaxs sifatida sakkiz nafar “faxrli xodim”ga medallar topshirdi – ular Checheniston Respublikasining eng oliy unvoni – “Checheniston Respublikasi Qahramoni” maqomiga ega bo‘lishdi.
Kavkaz.Realii saytining yozishicha, yoshga doir cheklovlarga qaramasdan, Adam Qodirov bir qator kuch ishlatar tuzilmalar va harbiy bo‘linmalarda rahbarlik lavozimlarini egallab kelmoqda.
2023 yil noyabrida u “Checheniston Respublikasi rahbari xavfsizligini ta’minlash bo‘limi”ga rahbar etib tayinlangan edi. Bu tayinlov natijasida u “Rossiya rekordlar kitobi”ga eng yosh idora rahbari sifatida kiritildi. Tayinlov vaqtida u atigi 15 yoshda edi.
Shuningdek, o‘sha 2023 yilning o‘zida u Chechenistonda tashkil etilgan va Baysangur Benoyevskiy nomi bilan atalgan Rossiya Mudofaa vazirligi batalonining “kuratori” etib tayinlandi. Keyinroq, u Grozniydagi tergov hibsxonasida Qur’onni yoqishda ayblangan Nikita Juravelni kamera qarshisida kaltaklaganidan so‘ng, Shayx Mansur nomi berilgan yana bir batalonning ham kuratori etib tayinlandi. 2024 yil aprel oyida esa Ramzan Qodirov o‘g‘li Adamni Gudermesda joylashgan, Vladimir Putin nomidagi Rossiya maxsus kuchlar universitetining kuratori etib tayinladi.
Mazkur tayinlovlar davomida Adam Qodirovning faoliyati asosan shaxsiy tarkibga tanishtirish marosimlari bilan cheklangan. Uning kurator sifatida aniq vazifalari va majburiyatlari noma’lumligicha qolmoqda.
Adam Qodirovga berilgan mukofotlar va tan olinishlar to‘lqini u yuqorida tilga olingan Nikita Juravelni kaltaklaganidan so‘ng boshlandi. Bu harakatidan so‘ng u Checheniston Respublikasi qahramoni unvonini oldi. Keyinchalik uni boshqa hududlar ham taqdirlashni boshladi – u Tatariston, Qarachay-Cherkesiya va Qabardin-Bolqor Respublikasining eng oliy ordenlariga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, u Chechenistonning “Daymexkan Siy” (“Millat g‘ururi”) ordeni, “Ummat oldidagi xizmatlari uchun” va “Islom diniga xizmat uchun” I darajali diniy ordenlar, “Rossiya mehnat shon-shuhrati” medali va “Rossiya maxsus kuchlar universiteti rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” I darajali medali bilan taqdirlangan.
Aslini olganda, qonunga ko‘ra, 16 yoshli Adam Qodirov hali ayrim mukofotlarni olish huquqiga ega emas edi. Biroq bu holat mukofotlash jarayoniga ta’sir qilgani yo‘q.
Checheniston rahbarining uchinchi o‘g‘li bir necha bor federal darajadagi mojarolar markazida bo‘lgan. Bolalik chog‘ida u asosan ringda kurash tushish bilan cheklangan bo‘lsa, Ukrainaga qarshi urushi boshlanishi bilan u jamoatchilik oldida qurol bilan chiqishni va urush targ‘ibotida ishtirok etishni boshladi. Kavkaz.Realii sayti Chechenistonda uning imijini qanday shakllantirayotganini atroflicha yoritgan.
Abdulloh Sayyid