Rossiya prezidenti Vladimir Putin faoliyati nomaqbul deb topilgan tashkilotlarga tegishli veb-saytlar va axborot resurslarida reklama joylashtirishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. Bu haqda zamon.uz ma’lum qiladi.
Qonun ayniqsa Instagram va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida reklama berishni taqiqlaydi. Ushbu platformalarga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi Rossiyada “ekstremistik tashkilot” deb e’lon qilingan.
Yuridik mutaxassislarning fikricha, qonun buzilgan taqdirda jarima nafaqat reklama beruvchilarga, balki uni joylashtirganlarga ham qo‘llaniladi.
BBC bilan suhbatlashgan ekspertlar blogerlarning yo‘qotishlarini 2 milliard rubl (23 million dollardan ortiq) deb baholamoqda. Taqiq yirik savdo tarmoqlari va marketing kompaniyalarining daromadlariga ham salbiy ta’sir qilishi mumkinligi aytilmoqda.