Ijtimoiy tarmoqlarda Abdulloh (Qori aka) taxallusi bilan tanilgan, Toshkent viloyatida yashovchi 26 yoshli shaxs tarmoqlardagi sahifalarida O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan haqoratli chiqishlar qilib yurgani sababli qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar Bosh boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
“Bloger 2024-yilning oktyabr-noyabr oylarida Koreya Respublikasida bo‘lib turgan vaqtida o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi ommaviy sahifalari orqali millatlararo nizo keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan, milliy qadr-qimmatni tahqirlovchi hamda diniy e’tiqodiga ko‘ra, fuqarolarni kamsituvchi so‘zlar bilan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan qator haqoratli chiqishlar qilib borgan”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Abdullohning tarmoqlardagi chiqishlari jamoatchilikning keskin noroziligini keltirib chiqarib, ko‘plab salbiy muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Olingan ma’lumotga asosan ushbu shaxs joriy yilning 25-mart kuni Abu-Dabi Samarqand Airways orqali O‘zbekiston hududiga keltirilib, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan. Hamda unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
So‘ng blogerning o‘zi ham aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan qattiq pushaymonda ekanligini aytgan.
“Men Jigayev Valeriy ijtimoiy tarmoqda xalqimizni haqorat qilganman. Men hamma ishimni “aktiv” uchun, tanilishim uchun qilgan edim. Hozir aybimni tushunib yetdim. Qilgan ishimdan juda qattiq pushaymonman. Hammadan chin qalbimdan kechirim so‘rayman”,— deydi u.
Yuqoridagi holat yuzasidan fuqaro Y.V.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.