Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatda yoqilg‘i taqchilligi hali ham bartaraf etilmaganini tan oldi. Bu haqda u 28 iyun kuni Kremlda o‘tkazilgan rejadan tashqari yig‘ilishda ma’lum qildi.
Putinning aytishicha, neftni qayta ishlash zavodlari maksimal quvvatda ishlayotgani va avval to‘plangan yoqilg‘i zaxiralari ichki bozorga yo‘naltirilganiga qaramasdan, aholi hamda tadbirkorlik subyektlari benzin xarid qilishda qiyinchiliklarga duch kelishda davom etmoqda.
"Ham avtoulov egalari, ham biznes uchun muammolar saqlanib qolmoqda. Afsuski, ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar yuzaga kelmoqda, kerakli markadagi benzinni esa har doim ham topib bo‘lmayapti. Shuningdek, yozgi mavsumda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va fermer xo‘jaliklari duch kelayotgan qiyinchiliklarni ham yaxshi tushunib turibmiz", dedi Putin.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatning deyarli barcha hududlarini qamrab olgan yoqilg‘i inqirozini yumshatish maqsadida benzin va aviakerosin eksporti vaqtincha taqiqlangan. Shuningdek, yirik neftni qayta ishlash zavodlari bilan bir qatorda kichik va o‘rta quvvatli korxonalar ham to‘liq ishga tushirilgan. Hozirda dizel yoqilg‘isi eksportini ham vaqtincha to‘xtatish masalasi muhokama qilinmoqda.
"Ichki bozorga avval to‘plangan yoqilg‘i hajmlari chiqarildi", dedi Putin.
Uning ma’lum qilishicha, mamlakatdagi benzin zaxiralari hozirda 1,7 million tonnani tashkil etadi. "Reuters" agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, bu hajm yoz oylaridagi taxminan 15 kunlik iste’molni yoki har kuni kuzatilayotgan benzin yetishmovchiligini ikki oygacha qoplash imkonini beradi.
Putin iyul oyida asosiy turdagi yoqilg‘i ishlab chiqarish hajmi iyun oyiga nisbatan yuqori bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, bozorni barqarorlashtirish uchun qisqa muddatli emas, balki tizimli choralar talab etilishini qayd etdi.
"Reuters" ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hozirning o‘zida Belorusdan har oy 100–150 ming tonna benzin import qilmoqda. Shuningdek, Qozog‘iston bilan ham yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Biroq mazkur mamlakatda Rossiya bozori uchun benzin yetkazib berish imkoniyatiga ega neftni qayta ishlash zavodi amalda bittagina.
Iqtisodchi Kirill Rodionov fikricha, Rossiya neftini yirik hajmda sotib olayotgan Xitoy va Hindiston kelgusida Rossiyaga yoqilg‘i yetkazib beruvchi asosiy davlatlarga aylanishi mumkin. Biroq uzoq masofadan import qilinadigan yoqilg‘i mahalliy mahsulotga nisbatan ancha qimmatga tushadi.
Shu bilan birga, Rossiya hukumati dempfer mexanizmi doirasida neft kompaniyalariga byudjetdan kompensatsiya ajratish hisobiga benzin importini subsidiyalashni rejalashtirmoqda. Biroq bu mexanizm import qilinadigan yoqilg‘ining ichki bozorda odatiy narxlarda sotilishini kafolatlamaydi.
"Reuters" bahosiga ko‘ra, iyun oyida Rossiyada yoqilg‘i ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga qisqargan va hozirgi kunda ichki iste’moldan taxminan 20 foizga ortda qolmoqda.
So‘nggi ikki oy ichida hujumlarga uchramagan va to‘liq quvvat bilan ishlashda davom etayotgan yagona yirik neftni qayta ishlash zavodi yillik quvvati 22 million tonnani tashkil etuvchi Omsk neftni qayta ishlash zavodi bo‘lib qolmoqda.






