AsosiyDUNYO

Monakodagi portlashda gumonlangan ayol Kiyev yaqinida o‘lik holatda topildi

Tergov versiyasiga ko‘ra, Berezovskaya ushbu shaxslardan kriptovalyuta orqali mablag‘ olgan.

'Monakodagi portlashda gumonlangan ayol Kiyev yaqinida o‘lik holatda topildi'ning rasmi

Monakoda ukrainalik tadbirkorga qarshi uyushtirilgan portlashda gumonlangan ayol Kiev yaqinida boshidan o‘q yegan holda o‘lik topildi. Bu haqda Ukraina Bosh prokuraturasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, gap 39 yoshli Ukraina fuqarosi Anastasiya Berezovskaya haqida ketmoqda. U o‘tgan hafta Monakoda Ukrainada tug‘ilgan, hozirda Kipr fuqarosi bo‘lgan tadbirkorga qarshi sodir etilgan portlashda gumonlanib, Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan edi.

Ukraina prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ish doirasida yana ikki nafar shaxs qo‘lga olingan. Ulardan biri Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi xodimi, ikkinchisi esa sobiq huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi hisoblanadi.

Tergov versiyasiga ko‘ra, Berezovskaya ushbu shaxslardan kriptovalyuta orqali mablag‘ olgan. Shu bois ular Monakodagi suiqasdga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Ayni vaqtda prokuratura razvedka xodimi bu harakatlarni rahbariyatini xabardor qilmasdan, mustaqil ravishda amalga oshirganini bildirgan.

Tekshiruvlar davomida gumonlanuvchilarga tegishli obyektlarda qon izlari saqlangan xona hamda bolg‘a va boshqa buyumlar topilgani aytilmoqda. Biroq bu ma’lumotlar hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Monakoda yuz bergan portlash oqibatida Ukrainada tug‘ilgan tadbirkor Vadim Yermolayev, uning turmush o‘rtog‘i va farzandi jabrlangan. Kattalar og‘ir tan jarohati olgan bo‘lsa, bola yengil jarohat bilan qutulgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi ayol erkak kiyimida portlovchi qurilmani turar joy binosi kirish qismiga o‘rnatgan va hodisadan keyin Fransiya orqali Germaniyaga qochib ketgan.

    Boshqa yangiliklar