Xorijda o‘zbek milliy taomlari restorani ochadiganlar mahalliy tadbirkorlarga xarajatning bir qismi qoplab beriladi. Bu prezidentning “2025—2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi tomonidan belgilangan yetakchi xorijiy davlatlarda mahalliy tadbirkorlar tomonidan har yili 50 ta o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashtirilgan umumiy ovqatlanish korxonalari va restoranlar tashkil etilganda ularning ma’lum xarajatlari subsidiyalanadi.
Ya’ni faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ro‘yxatdan o‘tish yoki ruxsatnoma olish, ijara, dizayn, zarur uskuna va anjomlar sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, biroq 25 ming dollardan oshmagan miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.
Taomlar tayyorlash uchun bir yilda 300 kilogramm mahsulotni O‘zbekistondan yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizi, biroq bitta tadbirkorlik subyekti uchun 100 million so‘mgacha miqdorida subsidiyalanadi. Bunda ushbu maqsadlar uchun har yili 30 milliard so‘m ajratiladi.
Shuningdek, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab 2028 yil 1 yanvarga qadar har yili ajratiladigan 50 milliard so‘m mablag‘ doirasida Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan mehmonxona, umumiy ovqatlanish korxonalari va restoranlarning o‘z faoliyatini targ‘ib qilishga qaratilgan audiovizual mahsulotlar (videofilm, videorolik, klip va anime roliklar) yaratish va targ‘ib qilish xarajatlarining 50 foizi, lekin 50 million so‘mdan oshmagan qismi qoplab beriladi.
Bunda ushbu maqsadlar uchun har yili 20 milliard so‘m ajratiladi.