AsosiySiyosat

Prezident Sloveniya Bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi

Tomonlar texnologik va sanoat hamkorligini kengaytirishni muhokama qiladi.

'Prezident Sloveniya Bosh vaziri  bilan uchrashuv o‘tkazdi'ning rasmi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrif doirasida ushbu mamlakat Bosh vaziri Robert Golob bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston bilan Sloveniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va amaliy sheriklikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda kengaytirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Bugun bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralarning samarali natijalari yuksak baholandi.

Savdo, investitsiya va kooperatsiya sohalarida birgalikdagi ishlarni faollashtirish muhim ekani ta’kidlandi. Tashrif doirasida o‘tkaziladigan biznes forumi yangi aloqalarni o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun samarali maydon bo‘lishi ta’kidlandi.

Talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish orqali tovar ayirboshlash hajmini 500 million yevroga yetkazish choralari ko‘rib chiqildi. "GSP+" preferensiyalar tizimi va bugun imzolangan standartlashtirish to‘g‘risidagi bitim ham savdoning o‘sishiga turtki beradi.

Texnologik modernizatsiyaga urg‘u bergan holda Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish rejasi tayyorlanadi. Shu ma’noda, Sloveniya yetakchi kompaniyalarining O‘zbekistonda elektrotexnika, uskunasozlik, farmatsevtika, "yashil" energetika, "aqlli" qishloq xo‘jaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish borasidagi intilishlari qo‘llab-quvvatlandi.

Bunday ishlab chiqarishlarni mamlakatimizda "Inpark" boshqaruvida Yevropa kompaniyalari uchun tashkil etilayotgan maxsus sanoat parkida joylashtirish taklif etildi.

Mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi ekspertlar guruhini tuzish va zarur normativ-huquqiy bazani tayyorlashga kelishib olindi.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish va o‘zbek mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishi uchun Koper porti infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganishga kelishib olindi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Ekologik turizmni, shu jumladan tog‘li va qishloq hududlarida rivojlantirish bo‘yicha Sloveniya tajribasiga alohida qiziqish bildirildi.

Qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, shu jumladan Toshkent shahrida Yoshlar innovatsiyalar forumini tashkil etish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, kelgusi yilda o‘zaro madaniyat kunlari va Lyublyana shahrida O‘zbek kinosi haftaligi o‘tkaziladi.

Hamkorlikning belgilangan yo‘nalishlarini ilgari surish maqsadida joriy yil iyul oyida Lyublyana shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli "yo‘l xaritasi" qabul qilinadi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari Sloveniya Bosh vaziri Robert Golobni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

  

    Boshqa yangiliklar