Yil boshidan buyon O‘zbekistonga sal kam 40 kg zargarlik buyumlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent-AERO ixtisoslashtirilgan bojxona kopleksining “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona postida zargarlik buyumlarini qonunga xilof tarzda olib kirishga bo‘lgan qator urinishlar fosh qilingan. Bangkokdan uchib kelgan yo‘lovchilardan biri yuklari orasidagi shirinliklar ichiga qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 180 mln so‘mdan oshiq bo‘lgan 121 gr og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini yashirgancha olib kirishga uringan vaqtida to‘xtatib qolingan.
“Toshkent-Istanbul” reysi bo‘yicha parvozini yakunlangan qo‘shni davlat fuqarosi ham bagajidagi yuklari orasida qiymati 350 mln so‘mlik 370 gr og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini yashirib olib kirayotganida fosh qilingan.
Bakudan kelgan yo‘lovchilar orasida ham qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan tilla taqinchoqlarni bojxona nazoratiga taqdim qilmasdan olib o‘tishga uringan shaxs borligi aniqlangan. Qo‘shni davlat fuqarosi bo‘lgan mazkur yo‘lovchi qiymati salkam 130 mln so‘mlik hamda olmos toshlari bilan bezatilgan 74 gr og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda olib kirishga uringan.
Bildirilishicha, hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom etmoqda.
Raqamlarga ko‘ra, respublika bojxonachilari tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida aniqlangan 252 ta bojxona qonunbuzilishi holatlarida qiymati 24,3 mlrd so‘mlik salkam 40 kg og‘irlikdagi zargarlik buyumlarining bojxona chegaralari olib noqonuniy ravishda olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.